XARIDOR UCHUN QO‘LLANMA

Ray-Ban Meta’ni telefonga qanday ulash: iPhone va Android

Nima kerak bo‘ladi

Bluetooth’li telefon, App Store yoki Google Play’dagi Meta AI ilovasi (avval Meta View deb atalgan) va Meta akkaunti. Akkaunt ilovaning o‘zida ochiladi — elektron pochta orqali yoki Instagram, Facebook bilan kirib. Ko‘zoynak bir vaqtda faqat bitta Meta akkauntiga bog‘lanadi.

Yo‘riqnoma Ray-Ban Meta Gen 1, Gen 2 va Oakley Meta HSTN uchun bir xil — ularda o‘chirgich, suratga olish tugmasi va quvvatlash keysi bir xil.

1-qadam. Ko‘zoynakni yoqing

Quvvat o‘chirgichi chap dastakning ichki tomonida, sharnir yonida. Uni linzalar tomon suring — indikator miltillaydi, bir tekis yashil yonganda ko‘zoynak tayyor. O‘chirish uchun o‘chirgichni dastak uchi tomon suring: indikator qizil miltillaydi.

2-qadam. Meta AI ilovasiga ulang

Yoqilgan ko‘zoynakni quvvatlash keysiga, burun ko‘prigi zaryad kontaktiga tegadigan qilib qo‘ying. Keysdagi indikator ko‘k miltillasa, ko‘zoynak ulanish rejimida. Ko‘k yonmasa — keys orqasidagi tugmani 5 soniya bosib turing va indikator ko‘k rangda pulsatsiya qila boshlaganda qo‘yib yuboring.

Meta AI ilovasini oching, yuqori o‘ng burchakdagi «Glasses», keyin «Add» tugmasini bosing va ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qiling. Ilova Meta akkauntiga kirish yoki uni ochishni o‘zi taklif qiladi.

Keysdagi indikatorMa’nosi
Ko‘k miltillaydiKo‘zoynak ulanishga tayyor
Yashil yonadiKo‘zoynak to‘liq zaryadlangan
To‘q sariq yonadiKo‘zoynak zaryadlanmoqda
To‘q sariq miltillaydi (keys bo‘sh)Keys zaryadi tugayapti
Qizil miltillaydiZaryadlash xatosi — kabelni tekshiring

iPhone va Android: Bluetooth va Wi-Fi

Meta AI ilovasi iPhone uchun ham, Android uchun ham bor — ulash qadamlari bir xil. Telefonda Bluetooth yoqilgan bo‘lishi kerak: qo‘ng‘iroqlar, musiqa va buyruqlar u orqali o‘tadi.

Wi-Fi’dan ko‘zoynak ikki xil foydalanadi: oddiy ishda ilova sizning Wi-Fi tarmog‘ingizdan foydalanadi, foto va videoni import qilishda va proshivka yangilanishida esa telefon to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘zoynakning vaqtinchalik Wi-Fi tarmog‘iga ulanadi. Import bo‘lmasa — ilovaga Wi-Fi va lokal tarmoqqa ruxsat bering (iPhone’da ilova sozlamalaridagi «Lokal tarmoq» bandi), ko‘chirish tugaguncha ilovani yopmang va telefonda bo‘sh joy borligini tekshiring.

3-qadam. Foto, video va ovoz

Foto — o‘ng dastakdagi suratga olish tugmasini bir marta bosish: oq indikator miltillaydi va signal eshitiladi. Video — bosib turish; to‘xtatish — yana bir marta bosish. Yozuv paytida indikator doim yonib turadi, atrofdagilar suratga olayotganingizni ko‘radi.

Ovoz bilan ham xuddi shunday: «Hey Meta, take a photo», «Hey Meta, take a video», «Hey Meta, stop». Meta AI «Hey Meta» iborasi yoki o‘ng dastakdagi sensor panelni uzoq bosib turish bilan chaqiriladi. Ovoz balandligi — shu panelda oldinga yoki orqaga surish.

Suratlar ilovani ochguningizcha ko‘zoynakda saqlanadi: import paytida telefon galereyasiga o‘tadi va ko‘zoynakdan o‘chiriladi. Import uchun ko‘zoynak Meta AI ilovasiga ulangan bo‘lishi kerak.

4-qadam. Zaryadlash

Ko‘zoynak faqat quvvatlash keysida zaryadlanadi, keys esa kamida 1,2 A tok beradigan adapterdan USB-C kabel bilan. Zaryad darajasi ilovaning «Glasses» bo‘limida ko‘rinadi; telefonsiz — keys orqasidagi tugmani bosing, indikator ko‘zoynak va keys zaryadini ko‘rsatadi.

Gen 2 va Oakley Meta HSTN bir zaryadda 8 soatgacha, keysdan quvvatlanib 48 soatgacha ishlaydi — har bir modelning ko‘rsatkichlari katalogdagi sahifasida bor.

Katalogdagi Ray-Ban Meta Gen 2

Ko‘zoynak ulanmasa

Tartib bilan: ko‘zoynakni kamida bir soat (yoki keysdagi indikator yashil bo‘lguncha) zaryadlang; telefonning Bluetooth sozlamalarida ko‘zoynak bo‘lsa, uni «unutib», qaytadan ulang; Meta AI ilovasini qayta o‘rnating. Ko‘zoynakdagi indikator to‘xtovsiz oq miltillasa — majburiy qayta ishga tushiring: ko‘zoynakni o‘chiring, suratga olish tugmasini bosib turgan holda o‘chirgichni yoqilgan holatga suring; indikator qizil bo‘lishi bilan tugmani qo‘yib yuboring.

Oxirgi chora — zavod sozlamalariga qaytarish: ko‘zoynak keysdan tashqarida, zaryadlangan va yoqilgan, dastaklari buklangan; suratga olish tugmasini 5 marta bosing (indikator to‘q sariq bo‘ladi), keyin bosib turing va indikator miltillaganda qo‘yib yuboring. Bu barcha suratlarni ko‘zoynakdan o‘chiradi, keyin ko‘zoynakni qayta ulash kerak. Keys sozlamalarini tiklash uchun uning orqasidagi tugmani 16 soniyadan ko‘proq bosib turing.

Hech narsa yordam bermasa — bizga yozing, xaridorlarimizga sozlashda yordam beramiz. Barcha ko‘zoynaklarga kafolat — 1 yil.

Kafolat shartlari

Mavzuga oid mahsulotlar

Butun katalogni ko‘rish
Oakley MetaHSTNYumaloq retro oprava · 5 xil oprava rangi, linza bilan 9 ta variant
4 190 000 so‘mdanSotuvda bor